Universitet

Universitét (olmoncha Universität soʻzidan, u esa oʻz navbatida lotincha universitas magistrorum et scholarium — «oʻqituvchilar va olimlar jamoati» iborasidan kelib chiqqan) fundamental va amaliy fanlar oʻqitilib, mutaxassislar tayyorlanadigan oliy taʼlim muаssаsаsidir. Odatda, ilmiy-tadqiqot ishlarini ham olib boradi. Bugungi kundagi universitetlarning aksariyati oʻquv-ilmiy-amaliy majmualar sifatida faoliyat yuritishadi. Universitetlar oʻz tarkiblariga bir necha fakultetlarni oladi.

Universitet (lot. universitas — yigʻindi, majmua) — tabiy, ijtimoiy va gumanitar yoʻnalishda yuksak malakali mutaxassislar tayyorlashga yoʻnaltirilgan kop tarmoqli, oliy oʻquv-ilmiy muassasa. U oʻz bitiruvchilarining kelajakdagi ilmu-amaliy va pedagogik faoliyatlari uchun chuqur nazariy tayyorgarlik kurishlarini taʼminlaydi. Oʻquv va ilmiy tadqiqot ishlarining uzviy ravishda qoʻshib olib borilishi uchun katta hissa qo'shadi. Va taʼlimning asosiy oʻziga xos jihatidir. U musulmon Sharqidagi oliy (Madrasa yoki madrasai oliya (qarang (Madrasa) makrmiga toʻgʻri keladi. Yaqin Sharq mamlakatlarida dorilfunun deb ataladi.

Oʻrta asrlar Yevropasida dastlab turli sherikchilik birlashmalari, savdogarlar gildiyalari, sanoat-tijorat sexlari va boshqa shirkatlar Universitet deb yuritilgan. Yevropada Universitetning yuzaga kelishi muayyan iqtisodiy taraqqiyotga erishilganligi, shaharlarning koʻpayishi, hunarmandchilik va savdoning rivojlanishi, madaniyatning yuksalishi, shuningdek, ilmfanning taraqqiy etib, turli falsafiy oqimlarning paydo boʻlishi bilan bogʻliq. Shuning uchun ham ilk Universitetlar iqtisodiy jihatdan rivojlangan Italiya, Ispaniya, Fransiya singari Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida tashkil topdi. Dastlabki Universitetlar Italiyaning Bolonya (11-asr), Salerno (12-asr oxirlari), Fransiyaning Parij (1215), Monpelye (1289), Bukj Britaniyaning Kembrij (1209), Oksford (1096), Ispaniyaning Salamanka (1218), Portugaliyaning Lissabon (1290) shaharlarida paydo boʻldi. 14-asrga kelib Markaziy Yevropada ham bir nechta Universitetlar ochildi. Universitet va ilmfan taraqqiyoti tufayli 1348 i. Praga, 1364-yil Krakov, 1365 i. Vena Universitetlari yuzaga keldi.

Oʻrta asrlardagi Universitetlarda, odatda, artistlik (tayyorlov), ilohiyot, tibbiyot, huquq singari 4-ta fakultet boʻlgan. Artistlik fakulteti hamma uchun majburiy boʻlib, unda ritsarlar uchun zarur "etti erkin sanʼat" oʻrgatilgan. Artistlik fakultetining grammatika, ritorika, dialektika asoslarini oʻrgangan talabasiga sanʼat bakalavri darajasi berilgan. Fakultetning falsafa, arifmetika, geometriya, astronomiya va musiqa nazariyasining toʻliq kursini o'zlashtirgan talaba sanʼat magistri darajasiga erishgan va u qolgan 3 fakultetdan biriga kirib oʻqish xuquqini qoʻlga kiritgan. Dastlabki Universitetlarda xuddi madrasalardagi kabi oʻqish muddati ham, talabalarning yosh chegarasi ham belgilab qoʻyilmagan. Amalda Universitetda oʻqish 12—14 yoshga qadar davom etgan.

Chet ellardagi hozirgi Universitetlar tashkiliy tuzilishiga kura, mustaqil fakultet, institut, maktab va kollejlarning oʻziga xos birlashmasidan iborat dunyoning koʻp Universitetlarida ilmiy tadqiqotchilar bilan birga oʻrta maktab oʻqituvchilari ham tayyorlanadi. Odatda, aksar zamonaviy Universitetlarda tabiiyot, tibbiyot, huquq, filologiya, falsafa, iqtisod, muhandislik, ayrimlarida ilohiyot ftlari mavjud. Dunyoda Universitet taʼlimining Buyuk Britaniya, Fransiya va Ispaniya tizimlari keng yoyilgan. Jumladan, Buyuk Britaniyada Universitet taʼlimi har biri 2 yil davom etadigan 3 bosqichdan iborat. 1bosqich oraliq bosqich deb ataladi va unda asosan umumtaʼlim fanlar oʻrganiladi. 2bosqich mutaxassislik bosqichi deyiladi va talabaning bakalavr darajasini olishi bilan tugallanadi. 3bosqich yuqori bosqich deb nomlanadi va bitiruvchi magistr darajasiga erishadi. Fransiyada Universitet taʼlim tizimi doimiy bosqichlarga ajratilmagan. Bu yerda kaysi kasbni egallashiga qarab, talaba 4 yildan 7 yilgacha oʻqiydi. Ispaniya Universitet taʼlim tizimi ham Fransiya Universitet taʼlim tizimiga yaqin keladi.

Turkistonda Universitet, yaʼni madrasai oliya 10-asrdayoq yuzaga kelgan boʻlsada, zamonaviy maʼnodagi dastlabki Universitet Toshkentda 1918-yil 21 aprelda Turkiston xalq universiteti nomi bilan ochilgan. Ammo bu U. rus va yevropalik aholi uchun moʻljallangan edi. Oradan 20 kun oʻtib, oʻzbek jadidlari tashabbusi bilan 1918-yil 12 mayda Munavvarqori Abdurashidxonov rahbarligida "Turkiston musulmon xalq dorilfununi" tashkil etildi (qarang Oʻzbekiston milliy universiteti). Oʻzbekistonda ikkinchi Universitet 1933-yil Samarqand shahrida ochilgan (qarang Samarqand universiteti). 1976-yilda Qoraqalpogʻiston universiteti tashkil etildi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgunga kadar mamlakatimizda 3 Universitet. faoliyat koʻrsatgan. 2002-yil Oʻzbekistonda 20 Universitet boʻlib, ularda 113,7 ming talaba taʼlim oldi. Respublikadagi kup Universitetlar maktab, akademiklitsey va kasbhunar kollejlari singari tuzilmalarni ham oʻz ichiga oladi. 2. U. (Oʻzbekiston milliy universiteti va Toshkent texnika universiteti) oʻz institutlariga ham ega.