Qilichniyozboy

Qilichniyozboy — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyati, Turkmanistonning Toshhovuz viloyati hududidan oʻtadigan davlatlararo kanal. Amudaryodan suv oladi. Ikki tarmoq Qilichniyozboy va Gurlandan iborat. Umumiy uz. tarmoqlari bilan birga 102 km. Bosh qismida suv oʻtkazish imkoniyati 120 m³/s. Kanal va uning shoxobchalari 1939—42 yillarda hashar yoʻli bilan qurilgan. keyingi yillarda bir necha marta rekonstruksiya qilingan. 1965-yilda magistral kanalning yangi bosh uchastkasi qurildi. 1969-yilda kafolatli suv olish uchun uz. 7 km, suv sarfi 120 m³/s boʻlgan toʻyintiruvchi kanal — Turangasoqa qazildi. Q. 70 ming gektarga yaqin yer (shundan 20,7 ming ga Gurlan tumanida, 16,7 ming ga Qoraqalpogʻistonning Amudaryo tumanida, 26,2 ming ga Toshhovuz viloyatida)ni sugʻoradi.