Mormonlar

Mormonlar - 1830-yili Nyu-York (AQSH) shahrida Jozef Smit (1805-1844) ismli shaxs tomonidan asos solingan va “Mormon kitobi” bosib chiqarilgan. Kitobdagi buyruqqa binoan yangi bir cherkov qurilgan. Bu cherkov, “Iso Masihning Oxirgi Kun Azizlari cherkovi” deb nomlangan. Uning tarafdorlari esa shundan so‘ng “Mormonlar” deyila boshlangan.

Smit 1823-yilda Vermont shahridagi Sheron o‘rmonida kambag‘al va bechora tarafdorlariga Moroni nomli bir farishtaning o‘ziga vahiy olib kelganini da’vo qiladi. Unga ko‘ra Moroni, Smitga Nyu-Yorkdagi Kumora tepaligiga ko‘milgan, qadimgi Misr tilida yozilgan oltin lavhlar va ularni tarjima qilish uchun Urim va Thummin toshlarini keltirib bergan. Jozef Smit matnlarni o‘qigani va farishta yordamida tarjima qilganini e’lon qiladi va uni nashr ettiradi.

Mormonlar e’tiqodiga ko‘ra, amerikaliklar isroil qabilalaridan kelib chiqqan va qizil oq tanlilardan tashkil topgan. Iso tirilganidan keyin oq tanlilar orasida faoliyat olib borgan, lekin uning cherkovi qizil tanlilar tomonidan vayron qilingan. Oxirgi oq tanlilar XV asrda yashagan Mormon bilan uning o‘g‘li Moronidir. Lavhlarni ana o’shalar ko‘mgan va ularni Smit topib olgan. Smit 1831-yilda yangi Quddusning Kirtlandda (Ogayo shatati, AQSH) qurilishiga doir vahiy olganini aytgan. Tarafdorlar sonini orttirish maqsadida mormonlar faol ravishda missionerlik bilan shug‘ullanganlar. Siquvga olingan Mormonlar, Kirtlandni tashlab Missuriga; u yerda ham ayni holga duch kelgach esa Illinoisga ko‘chishga majbur bo‘lishadi. 1840-yilda botqoqzor o‘rnida Navu shahrini qurib o‘z markazlarini shu yerda tashkil etadilar. Omadli kechgan bir-ikki yildan keyin Smit “Mormon kitobi”da aksi yozilgan bo‘lishiga qaramasdan, yangi bir “vahiy”ga asoslanib, ko‘pxotinlilikni targ‘ib qilgan va o‘zi bu ishni boshlab bergan. Uning bu fikriga jiddiy qarshiliklar bo‘lgan, natijada Smit ukasi va taraforlari bilan qamoqxonaga tashlangan. Qisqa bir muddatdan keyin ular mahbuslar tomonidan o‘ldirilgan.

Smitdan keyin mormonlarga Brijman Yang boshchilik qildi. U o‘limi ortidan 178 ta xotin va 49 ta bolani qoldirib ketdi. Mormonlar Yutada “Buyuk tuz ko‘li” qirg‘og‘ida, “Tuz ko‘li shahri” hozirgi Solt Leyk Siti shahrini qurganlar. Ular bu yerda kuchayib ketganlar va ulkan mormon ibodatxonasini barpo etishgan.“Iso Masihning oxirgi kun azizlari” sifatida o‘zlariga baho beruvchi mormonlarning e’tiqod asoslari J.Smit tomonidan tartibga solingan. Cherkov boshlig‘i “rais” deb nomlanadi. Mormonlar Ota-Xudo, Iso Masih va Muqaddas Ruh bilan bog‘liq e’tiqodni tan oladilar. Ularga ko‘ra, Injil Xudoning so‘zidir, uni, xato qilmaslik sharti bilan tarjima qilish mumkin. Mormon kitobi ham Xudoning so‘zidir. Iso Masihning qayta tirilish joyi Amerika qit’asidir. Yangi Quddus Amerikada quriladi. shaxsan Isoning o‘zi uni boshqaradi, dunyo yangilanadi va xuddi jannatdek ko‘rinish oladi. Iso ming yillik saltanat quradi va unga imon keltirganlar, yordamchi bo‘lgan(mormon)lar najot topadilar.Ular cho‘qintirishda suvga bo‘ktirish usulini qabul qilganlar. Ulug‘likda oldinga siljishni va hatto, ilohiylikkacha yuksalishni e’tirof qiladilar. E’tiqod asoslari orasida joy olgan ko‘p xotinga uylanish 1895-yilda V.Vudraft tomonidan bekor qilingan.

Prichasheniye ya’ni “Poklanish” marosimi, sigaret va aroq harom bo‘lgani sababli faqatgina non va suv bilan amalga oshiriladi.

Mormonlarning missionerlik faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mormonlar missionerlik faoliyatini olib boradilar va ushbu faoliyat butun dunyoga tarqalganligini ham aytib o‘tish joiz. Mormonlar nazdida har bir a’zo ikki yil missonerlik qilishi kerak. Missionerlik faoliyati bugungi kunda 4000 dan ortiq ayol va erkak mormon tomonidan olib borilmoqda. Ularning aksariyatini yoshlar tashkil qiladi va ular o‘z hayotlarini missionerlik uchun bag‘ishlagan. Bugungi kunda mormonlar dunyoning 160 mamlakatida faoliyat olib borib, taxminan 30 ming cherkov va 12 million izdoshlariga ega. Rasmiy xristianlik mormonlarni “adashgan oqim” sifatida e’tirof etadi[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 302.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480 bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.