Bayrut

Bayrut (arabcha: بَيْرُوت) — Livan Respublikasining poytaxti. Oʻrta dengizning sharqiy sohilidagi sertepa yarim orolda joylashgan port. Iqlimi subtropik; yozi issiq va quruq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 14°, avgustniki 28°; oʻrtacha yillik yogʻin 900 mm. Aholisi 1,5 mln. kishi (1990, shahar atrofi bilan).

Bayrut miloddan avvalgi 18-asrda Beruta, Berit deb atalgan. Misr qoʻl ostida (miloddan avvalgi 15-asrgacha), soʻngra xettlarga (miloddan avvalgi 14-asr), ossuriyaliklarga tobe boʻlgan. 635 yil arab xalifaligi tarkibiga kiritilgan. Bayrutni 1110-yilda salib yurishi qatnashchilari egalladi. 14 — 15-asrlarda mamluklar qoʻl ostida boʻldi. 1516-yilda esa turklar tasarrufiga oʻtdi. Livan amiri Faxruddin II (1584 — 1635) zamonida rasman mustaqil davlatning markazi edi. 17 — 18-asrlarda Bayrutni Livan amirlari hamda turk voliylari idora qildi. 1860-yil avgustda fransuzlar bosib oldi. 1920-yil 1-sentabrdan fransuzlar mandati ostida "Ulugʻ Livan davlati", 1926-yildan Livan Respublikasining (1943-yil noyabrgacha fransuz mandati ostidagi) markazi. 20-asrning 30 — 50-yillarida Bayrut Livandagi milliy ozodlik harakatining eng yirik markazlaridan biri boʻldi. 1943-yildan mustaqil Livan poytaxti.

Bayrut— yirik port, temir yoʻl va avtomobil yoʻllari tuguni. Yakin va Oʻrta Sharqhamda Yevropa mamlakatlarining tranzit savdolari Bayrut orqali oʻtadi. Mamlakatning savdomoliya markazi. Davlatning 60% sanoat korxonalari shu yerda joylashgan. Toʻqimachilik, trikotaj, koʻn, oziq-ovqat (tamaki va boshqalar), metallsozlik sanoati tarmoqlari rivojlangan. Bayrut orqali chetga sitrus mevalari, olma, zaytun moyi, xom ipak, jun chiqariladi.

Bayrutda meʼmoriy yodgorliklardan Jome al-Umariy masjidi (1291-yilda qayta qurilgan), "Saroy masjidi" (16-asr boshi) va boshqa saqlangan. Bayrut asosan zamonaviy shahar; koʻp qavatli uylar, mehmonxona, bank va boshqa qurilgan. B. markazida 3 katta maydon boʻlib, boshqa shaharlarga boradigan yoʻllar shu yerdan boshlanadi. B.da universitetlar, Milliy kutubxona, Katta meʼmoriy muzey (sanʼat tarixi), Sursok muzeyi (zamonaviy sanʼat), kollejlar va boshqa bor.

Aholisi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Livanda 1932-yildan beri aholini roʻyxatga olish oʻtkazilmagan [1], biroq hisob-kitoblarga koʻra, Bayrut aholisi 938 940 kishidan [2] 1 303 129 kishigacha [3]. Katta Bayrut deb ataluvchi Bayrut aglomeratsiyasida esa 2 200 000 kishi yashaydi [4][5].

Dini[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bayrut Livan va butun Yaqin Sharqning eng kosmopolit va diniy xilma-xil shaharlaridan biri [6]. Fuqarolar urushidan oldin Bayrutning mahallalari juda xilma-xil boʻlgan, ammo mojarodan keyin ular asosan din tomonidan ajratilgan[7]. Sharqiy Bayrutda asosan nasroniy aholi va musulmon ozchilik istiqomat qiladi, Gʻarbiy Bayrutda esa sunniy musulmonlar koʻpchilikni tashkil qiladi va shia, nasroniylar va druzlar ozchiliklar ham yashaydi [manba kerak]. Fuqarolar urushi yakunlanganidan keyin Bayrutning sharqi va gʻarbida yashovchi musulmon va xristianlarning bir-biri tomonga koʻchib oʻtishi kuzatildi. Bayrut aholisining 63 foizini musulmonlar, 35 foizini nasroniylar, 1 foizini druzlar va 1 foizini boshqalar tashkil etadi [manba kerak].


Nikoh, ajralish va meros kabi oilaviy masalalar hali ham insonning eʼtiqodini ifodalovchi diniy idoralar tomonidan hal qilinadi (Usmonli "millat" tizimi). Fuqarolik nikohiga chaqiruvlar diniy idoralar tomonidan bir ovozdan rad etiladi, biroq boshqa davlatda tuzilgan fuqarolik nikohlari Livan fuqarolik organlari tomonidan tan olinadi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „"Lebanon State of the Environment Report", Chapter 1“. Lebanese Ministry of Environment (2001). 2015-yil 24-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 8-iyun.
  2. „Demographic Yearbook 2003“. United Nations (2003). 2022-yil 9-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 17-yanvar.
  3. „"Lebanon State of the Environment Report", Chapter 1“. Lebanese Ministry of Environment (2001). 2015-yil 24-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 8-iyun.
  4. „Questions & Answers: Water Supply Augmentation Project, Lebanon“. The World Bank (2014-yil 30-sentyabr). Qaraldi: 2023-yil 11-may.
  5. „Encyclopedia of the Nations“. Nationsencyclopedia.com. 2010-yil 13-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 11-may.
  6. „At Beirut Protest, a Reminder of Religious Diversity“. Qaraldi: 2007-yil 17-noyabr.
  7. Khalaf, Samir. Lebanon Adrift: From Battleground to Playground (en). Saqi, 28 May 2012. ISBN 978-0-86356-834-3. 

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil