Badiiy gimnastika

Badiiy gimnastika – sport turi, buyum (tasma, koptok, halqa, argʻamchi) bilan va usiz turli nafis [[gimnastika va raqs mashqlarini musiqa ostida bajarish boʻyicha ayollar musobaqalari.

Xalqaro sport musobaqalarining hozirgi zamon dasturida koʻp kurash (bitta majburiy va buyumlar bilan uchta erkin mashqlar) hamda buyum bilan guruh boʻlib erkin mashqlari mavjud. Gʻoliblar koʻp kurashda, alohida va guruh boʻlib bajariladigan mashqlarda aniqlanadi. Sportchilarning mashqlari 10 balli tartib boʻyicha baholanadi. 40-yillardan badiiy gimnastika musobaqalari oʻtkazila boshlandi. 50-yillar oxirida Xalqaro gimnastika federatsiyasi (FIJ) badiiy gimnastikani sport turi sifatida tan oldi. 1963-yildan toq yillari jahon chempionatlari oʻtkazilmoqda, 70-yillar boshidan Intervideniye Kubogi uchun yirik xalqaro musobaqalar tashkil qilinmoqda. 1984-yildan Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan.

Oʻzbekiston badiiy gimnastikachilari terma jamoasi 1991-yil Simferopolda oʻtgan ittifoq chempionatida 1-oʻrinni oldi. 1996-yil Osiyo chempionati (Xitoy)da, 1997-yil jahon chempionati (Germaniya)da ishtirok etdi (terma jamoa bosh ustozi A. Malkina, xoreograf V. Vasilyev, jamoa aʼzolari I. Zamyatina, T. Budarina, F. Sharipova, L. Meshcheryakova).

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil